Venesuela poytaxti Karakas arxiyepiskopi kardinal Xorxe Urosa Savino mamlakat prezidenti Nikolas Maduroga favqulodda holatni bekor qilishga undab murojaat qildi. Bu haqda, El Universal ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Kardinalning so‘zlariga qaraganda, Maduroning harakatlari Venesuela muammolarini hal qilishga yordam bermaydi, aksincha uning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy holatini yomonlashtiradi.
“Shuni eslatib o‘tish lozimki, 2002-yilning aprelida va 2003-yilning yanvaridagi eng qiyin vaziyatlarda ham prezident Chaves favqulodda holat e’lon qilmagan edi. Hozirda faqat oziq-ovqat va dori vositalari yetishmayotgan bir paytda nega favqulodda holatni joriy etish lozim. Bu bilan boshqacha kurashish kerak”, — dedi Savino.
Uning fikricha, hukumat mojaroni hal etish uchun bosim o‘tkazishni emas, muloqotni tanlashi lozim.
Eslatib o‘tamiz, may oyining o‘rtasida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda favqulodda iqtisodiy holat rejimining amal qilishini yana 60 kunga uzaytirganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)