O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida O‘zbekiston U-16 terma jamoasining raqiblari ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi “Championat.asia”. Unga ko‘ra Temur Olimxo‘jayev shogirdlari musobaqaning “D” guruhida KXDR (amaldagi chempion), Tailand va Yaman o‘smirlar terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
2014-yilgi Osiyo Chempionatining chorak finalida Suriyadan 2:5 hisobida yengilib musobaqani tark etgan O‘zbekiston U-16 terma jamoasi 2016-yilgi musobaqaning qur’asi oldidan 2-savatda e’tirof etildi. Bu savatda xuddi O‘zbekiston termasi kabi so‘nggi qit’a birinchiligida chorak finalda mag‘lub bo‘lgan Yaponiya, Eron va Malayziya terma jamoalari bor edi. Shu tariqa bu kvartet guruh bosqichida bir-biriga raqib bo‘lmadi.
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining bosh vazifasi 2017-yil Hindistonda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatiga yo‘llanma olish. Buning uchun Temur Olimxo‘jayev jamoasi qit’a chempionatining eng kamida yarim finaliga qadar yetib borishi kerak. Qiziq tomoni, Osiyo Chempionatiga ham Hindistonning o‘zi mezbonlik qiladi va musobaqa 2016-yilning 15-sentabr kuni start oladi.
2017-yilgi Jahon Chempionatida Hindiston o‘smirlar terma jamoasi mezbon sifatida ishtirok etadi. Shundan kelib chiqib, Hindiston termasi Osiyo Chempionatida yarim finalga qadar yetib borsa, u holda 5-o‘rin uchun ham bellashuv tashkil etiladi. Ya’ni, mezbonlarning qit’a chempionatida yarim finalga qadar yetib borishi — chorak finaldan o‘ta olmagan 4 ta terma jamoaga yana bir martadan imkoniyat taqdim etadi.
U-16 Osiyo Chempionati—2016. Guruh bosqichi
“A” guruhi | “B” guruhi | “C” guruhi | “D” guruhi |
Hindiston | Avstraliya | Janubiy Koreya | KXDR |
Eron | Yaponiya | Malayziya | O‘zbekiston |
Saudiya Arabistoni | Vyetnam | Ummon | Tailand |
BAA | Qirg‘iziston | Iroq | Yaman |
Izoh (0)