Hindistonning Haydarobod shahrida istiqomat qiluvchi erkak bir daqiqa ichida 79 kishini quchoqlab, yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Rekord Andxra-Pradesh shtatidagi maktablardan birida qayd etildi. 88 nafar maktab o‘quvchisi qatorlashib turdi, ishora berilganidan so‘ng ular bo‘lajak rekordchi Krishna Kumarga navbatma-navbat yaqinlasha boshladi.
Kumar 83 o‘quvchini quchoqlashga ulgurdi. Ammo Ginnes rekordlar kitobida 79 nafari qayd qilindi, negaki, kitob vakillarining fikricha, qolgan holatlar quchoqlashishdan ko‘ra kurash harakatiga o‘xshab ketgan.
Rekord 5-may kuni o‘rnatilgan bo‘lsa ham, u haqda rekordlar kitobi rasman 24-may kuni xabar qildi.
Ilgarigi rekord avstraliyalik teleboshlovchi Kerri Bikmorga tegishli edi — u 2014-yilda Avstraliyadagi bolalar shifoxonasida bir daqiqada 77 kishini quchoqlagan edi.
Izoh (0)