Hindistonda kuchli jazirama sharoitida kun bo‘yi quyosh ostida qolib ketgan tuya egasining boshini tishlab uzib oldi. Hodisa Rojaston shtatining janubi-g‘arbidagi Barmer shahrida yuz berdi. Bu haqda, The Huffington Post nashri ma’lumotiga tayanib, TJournal xabar bermoqda.
Hayvon egasi uni yechib qo‘yishni unutganligi uchun 43 darajali issiqda kun bo‘yi qolib ketgan. Erkak tuyasi haqida eslab, unga yaqinlashganda esa tuya unga tashlanib, tishi bilan egasining bo‘yniga chang solgan. Guvohlarning ma’lum qilishicha, hayvon shunchalik kuch bilan egasining tanasini u yoqdan bu yoqqa otganki, oqibatda uning boshi uzilib ketgan.
Quturib ketgan tuyani 25 nafar mahalliy aholi olti soat davomida tinchlantirishga uringan. Hayvonning keyingi taqdiri haqida xabar berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Rojaston shtatida havo harorati 51 darajaga yetib, Hindiston milliy rekordi qayd etildi.
Izoh (0)