Yaponiya hukumati 2020-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qadar shaharda haydovchisiz taksilar xizmatini ishga tushirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda, NHK telekommunikatsion kompaniyasiga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Haydovchisiz taksi texnologiyasi operatoriga aylanadigan servis ayrim talablarni bajarishi lozim bo‘ladi. Jumladan, hukumat operatorga YTHlar uchun javobgarlikni to‘laligicha o‘z zimmasiga olishni, taksilarni masofadan nazorat qiluvchi va muammo tug‘ilganda ularning harakatini to‘xtatuvchi xavfsizlik tizimiga ega bo‘lishni majburiy qilib belgilaydi.
2015-yil oktabrida Yaponiyaning Robot Taxi kompaniyasi haydovchisiz taksi mashinalari sinovlari boshlanishini ma’lum qilgan edi. Kompaniya 2016-yil boshida Kanagava prefekturasida sinovlarni boshlashi, ularda 50 kishi ishtirok etishi aytilgandi. 2016-yil martida 10 guruhga bo‘lingan foydalanuvchilar sinovlarni boshlab yubordi.