Euronews telekanalining inglizcha sayti tahririyati qrim tatarlari deportatsiyasi haqidagi maqolada yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatdi, deb xabar bermoqda Meduza.
Ushbu materialda 1944-yilda Stalin tomonidan majburiy ko‘chirilgan qrim tatarlarining soni 2 million kishi deb ko‘rsatilgan edi. Maqolaning ruscha versiyasida esa bu son 200 ming kishi ekanligi aytilgan edi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova telekanaldan bu xato uchun uzr so‘rashni talab qildi.
“Bu adashuv, yanglishib qo‘shib yuborilgan ortiqcha nollar bo‘lishi mumkin emas, chunki ingliz tilidagi matnda ikki million so‘z bilan yozilgan. Shuningdek, u yerda ‘okkupatsiya qilingan Qrimda’, jumladan, Bog‘chasaroyda deportatsiya sanasiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari o‘tkazilishi man etilgani yozilgan”, — deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida.
Tuzatilgan matn quyidagicha shaklga keldi: “Qrim tatarlari Stalin davrida deportatsiya qilingan millionlab odamlar qatorida bo‘lgan 200 ming kishini esga oladi”.
Ma’lumot uchun, 1944-yilning 18–20-may kunlari qrim tatar xalqi xiyonatda ayblanib, majburiy ravishda O‘rta Osiyoga, asosan — O‘zbekistonga ko‘chirilgan edi. Deportatsiya davomida, shuningdek, keyingi oylarda ochlik oqibatida umumiy soni 183 155 kishini tashkil etgan qrim tatarlarining 46 foizi halok bo‘ldi.
Izoh (0)