Toshkentda O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A. Nosirov jurnalistlarga 23–24-may kunlari Toshkent shahrida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik jarayoni, yig‘ilish kun tartibi, muhokama etiladigan masalalar haqida ma’lumot berdi, deb yozmoqda O‘zA.
Aytilishicha, majlisda tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari tomonidan shu yil iyun oyida Toshkentda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining kun tartibi loyihasi, sammitda imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar ko‘rib chiqiladi.
Tashkilot doirasini kengaytirishda ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratish mo‘ljallanmoqda. Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Hindiston va Pokistonni ShHTga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha ushbu davlatlarning vakolatli vakillari bilan olib borilayotgan muzokara jarayoni ko‘rib chiqiladi.
Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ShHTning boshqa xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarini kengaytirish, ShHTning kuzatuvchi davlatlari va muloqot bo‘yicha sheriklarini tashkilot doirasida amaliy hamkorlikka keng jalb etish masalalari muhokama qilinadi.
Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasida Shanxay hamkorlik tashkiloti oldida turgan vazifalar, ShHTga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, madaniy va iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)