20-may kuni Toshkent vaqti bilan tonggi 4:00 da futzal bo‘yicha 2016-yilgi Jahon Chempionati bellashuvlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi “Championat.asia”.
Dunyoning 24 ta terma jamoasi ishtirok etadigan mundialning qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez ishtirok etadi. Qayd etish kerak, o‘z tarixida birinchi bor Jahon Chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston termasi qur’a oldidan 4-savatdan joy olgan.4-savatchada, shuningdek, Kuba, Mozambik, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Vyetnam kabi terma jamoalar bor. Bundan kelib chiqadiki, qur’a marosimidan keyin mazkur mamlakat termalari O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olmaydi.
Osiyoning amaldagi chempioni hisoblangan Eron terma jamoasi qur’a oldidan 2-savatchadan joy oldi. Bu savatda Ukraina, Portugaliya, Paragvay, Misr, Kosta-Rika kabi mamlakatlar ham bor.
1-savatdan mezbon Kolumbiyadan tashqari Braziliya, Ispaniya, Italiya, Argentina va Rossiya terma jamoalari joy olgan. 3-savatni esa Solomon Orollari, Tailand, Marokash, Panama, Gvatemala, Avstraliya kabi termalar tashkil etgan.
Futzal bo‘yicha 2016-yilgi Jahon Chempionati 10-sentabrdan 1-oktabrga qadar Kolumbiyada bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)