Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi komissiyasi Moskvaning Vnukovo aeroportida 2014-yil oktabrida qulagan Falcon samolyotining halokati yuzasidan tekshiruvlarni tugatdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Tashkilot saytida xabar qilinishicha, tekshiruv natijalariga ko‘ra komissiya yakuniy hisobot loyihasini tayyorlab, uni vakolatli tashkilotlar — Fransiya aviatsion hodisalarni taftish etish byurosi hamda Niderlandiya xavfsizlik boshqarmasiga yo‘llagan. Ushbu tashkilotlar mutaxassislari loyiha yuzasidan o‘z izohlarini taqdim etganidan so‘ng hisobot Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi saytida chop etiladi.
2014-yilning 21-oktabriga o‘tar tunda Fransiyaning Total neft-gaz kompaniyasi rahbari Kristof de Marjeri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha konsultatsion yig‘ilishdan qaytayotgan edi. Top-menejer borti — Falcon havo kemasi maxsus texnika avtomobiliga tegib ketib, olov oldi va quladi. Samolyot butunlay yonib ketdi, ichkaridagi odamlarni qutqarishning imkoni bo‘lmadi. Fojia oqibatida Kristof de Marjeri hamda ekipajning uch a’zosi halok bo‘ldi. Samolyot tegib ketgan qor kurash mashinasi haydovchisiga zarar yetmadi.
Izoh (0)