AQSh Moliya vazirligi birinchi marta Saudiya Arabistoni hukumati oldidagi qarz majburiyatlari miqdorini ma’lum qildi. Bu haqda 16-may, dushanba kuni Bloomberg agentligi tomonidan berilgan ma’lumotga asoslanib, Forbes xabar berdi.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, ushbu summa 116,8 milliard dollarni tashkil etadi.
Bungacha qirollikdagi Amerika aktivlari alohida chop etilmagan edi. Bloomberg’ning ma’lumotiga qaraganda, Saudiya Arabistonining oltin valyuta zaxiralari hozirda 587 milliard dollarga baholanmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasining baholashicha, dunyo markaziy banklari o‘z zaxiralarining uchdan ikki qismini dollarda saqlaydi.
The New York Times gazetasining ma’lum qilishicha, aprelda Saudiya Arabistoni rasmiylari AQSh Kongressi tomonidan 2001-yil 11-sentabr teraktlari munosabati bilan Ar-Riyodga qarshi sudga da’vo kiritishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan taqdirda Amerikaning 750 milliard dollar miqdoridagi aktivlarini sotib yuborish bilan tahdid qilgan.