Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) kongressi tashkilot Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘lgan, 2015–2018-yillarga mo‘ljallangan budjetini ma’qulladi. Budjetning umumiy summasi 1,417 milliard dollarni tashkil qiladi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Umumiy summadan 1,151 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri futbol assotsiatsiyalariga, 249 million dollar konfederatsiyalarga, yana 26 million dollar mintaqaviy assotsiatsiyalarga ajratiladi.
2017-yilda FIFAning budjeti 1,3 milliard dollarni tashkil qiladi.
Shuningdek, FIFA tashkilotning 2015-yilgi moliyaviy hisobotini ma’qulladi. Afrika futbol konfederatsiyasi rahbari Issa Hayatuning ta’kidlashicha, FIFAning xarajatlari 2002-yildan buyon ilk marotaba daromadidan oshib ketdi. 2015-yilda tashkilot 122 million dollar zarar ko‘rdi. Tashkilotning 2011-yilga nisbatan daromadi 82 milliondan 1,152 milliard dollarga o‘sdi. Daromadning asosiy qismi FIFA bayrog‘i ostida o‘tkazilgan musobaqalarning teletranslyatsiyalar huquqi sotuvidan tushdi. Shuningdek, xarajatlar ham oshgan: 2011-yilda xajaratlar 240 million dollarni, 2015-yilda esa 1,274 milliard dollarni tashkil etdi.
FIFAning moliyaviy holati sog‘lom deya baholandi. Bu haqda tashkilotning moliyaviy direktori Markus Kattner kongress oldidagi nutqi davomida ma’lum qildi.
“O‘tgan yil oson bo‘lmaganiga qaramay, FIFAning hozirgi holati sog‘lom. Yangi prezident saylangani va islohotlarning tatbiq qilingani evaziga tashkilotning moliyaviy holati barqaror bo‘ladi”, – deb ta’kidlagan Kattner FIFA 74 foiz mablag‘ni futbol rivoji uchun sarflaganini ma’lum qildi.
Izoh (0)