Axis Communications kompaniyasining delegatsiyasi joriy yilning 11-may kuni hamkorlik istiqbollarini muhokama etish uchun Toshkent shahridagi Inha universitetiga (IUT) tashrif buyurdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Axis Communications bosh qarorgohi Shvetsiyada joylashgan bo‘lib, u dunyoning videokuzatuv yechimlari bozori yetakchisidir. Ushbu kompaniya 1996-yilda ilk IP videokamerani ishlab chiqargan.
Delegatsiya tarkibida kompaniyaning Rossiya va MDH mamlakatlarida sotuvlar bo‘yicha direktori Dmitriy Strelsov, Markaziy Osiyo mamlakatlarida strategik loyihalar rahbari Duman Duysenbayev va ABRIS kompaniyasining marketing direktori Baxtiyor Qosimovlar bor edi.
Delegatsiyani IUT rektori Sherzod Shermatov qabul qildi. Muzokaralar vaqtida tomonlar IUT va Axis Communications kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish istiqbollarini muhokama etdi.
Shvetsiya kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, ular ta’limga katta ahamiyat beradi va turli ta’lim dasturlarini taklif etadi.
Dmitriy Strelsov IUT’da Axis Communications’ning yechimlarini taqdim etuvchi maxsus hudud tuzish hamda talabalar va videokuzatuv sohasi mutaxassislar uchun o‘quv seminarlari va tadbirlar o‘tkazishni taklif qildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni belgilab beruvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Izoh (0)