Xitoyda saratonga chalinib olamdan o‘tgan 21 yoshli talaba ishi yuzasidan 12 kishi javobgarlikka tortildi. Bu haqda, China Daily nashriga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Talaba Vey Szesi sinovial sarkoma tashxisi bilan Qurolli politsiya korpusi huzuridagi Ikkinchi Pekin gospitalida davolanish kursidan o‘tdi. Davolanish metodi va shifoxona haqida u Xitoydagi eng yirik Baidu qidiruv tizimi vositasida ma’lumot olgan edi. Kurs uchun uning oilasi 30 ming dollar sarf-xarajat qildi. Shunga qaramay, 2016-yilning 12-aprelida talaba hayot bilan vidolashdi.
Kibermaydon masalalari bo‘yicha boshqarma, Savdo-sanoat ma’muriyati bosh boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash va rejali farzand ko‘rish davlat qo‘mitasi voqeani birgalikda taftish qildi. Buning natijasida gospital xodimlari chalg‘ituvchi reklamani chop etganligi va davolash chog‘ida jinoiy beparvolikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Tibbiy muassasaning ikki rahbari lavozimidan ozod etildi, yana olti nafari ma’muriy jarimaga tortildi. Bundan tashqari, shifoxona ishiga mas’ul ikki oliy martabali harbiy xizmatchi ogohlantirish oldi. Shifoxona bilan hamkorlik qilgan yana ikki harbiy amaldor jinoiy faoliyat yuritganlikda gumon qilinib huquq-tartibot organlariga topshirildi.
Ayni paytda gospital yangi bemorlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu yerda saratondan davolangan va davolanayotganlarning oilalari muassasa rasmiylaridan tushuntirishlar hamda tovon puli talab qilmoqda.
Izoh (0)