Noma’lum qurolli shaxslar 8-mayga o‘tar kechasi Saudiya Arabistoni g‘arbidagi Makka viloyatida politsiya idorasiga hujum qildi. “TASS”ning mamlakat IIV bayonotiga tayanib bildirishicha, politsiya xodimlaridan biri hujum oqibatida halok bo‘ldi.
Voqea at-Toif shahri yaqinidagi Haddod bani Malik qishlog‘ida sodir bo‘ldi. Ikki noma’lum shaxs avtoturargohga kirmoqchi bo‘lganida politsiya navbatchilari buni payqab qolib, ularga qarata o‘t ochdi. Jinoyatchilar qochib ketdi, otishmada politsiyachilardan biri halok bo‘ldi.
Teraktning oldini olishga muvaffaq bo‘lindi. Aksilterror operatsiyasi davom etmoqda, deb ta’kidladi IIV vakili.
Mamlakat xavfsizlik kuchlari oxirgi bir necha kun davomida teraktlar tashkil etishda gumonlanayotgan IShID a’zolarini qidirish ishlarini olib bormoqda. 6-may, juma kuni Makka viloyatida bir qancha jangarilar, shu jumladan, Abxa shahrida joylashgan maxsus kuchlar bazasi masjididagi portlash tashkilotchisi 46 yoshli Oyyid ash-Shaxroniy yo‘q qilindi. O‘tgan yil avgustida sodir etilgan portlash tufayli 17 kishi halok bo‘lgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)