Yevropa Chempionlar Ligasining finaliga yo‘llanma olgan Madridning “Real” futbol klubi bosh murabbiyi Zinedin Zidan “Manchester Siti”ga qarshi javob o‘yinidan keyin bayram qilmoqchi ekanini ma’lum qildi, deb yozdi “Chempionat”.“Final biz uchun qiyin bo‘ladi. Lekin hozir bayram qilamiz”, — deb fikr bildirdi “Real” bosh murabbiyi yarim final o‘yinidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida.
“Bugun bizga oson bo‘lmadi va biz bunga tayyor edik. Oxir-oqibat maqsadimizga yetganimizdan shodman. Futbolchilar finalga chiqish uchun haqli edilar. Butun o‘yin davomida muxlislar biz bilan bo‘lishdi, bu esa har doim yordam beradi”.
Zinedin Zidan jarohatini davolab, “Manchester Siti”ga qarshi uchrashuvda safga qaytgan shogirdi Krishtianu Ronalduning o‘yini borasida ham to‘xtalib o‘tdi: — “Krishtianu har doimgidek o‘yin ko‘rsatdi. Bugun hamma birdek mehnat qilgani uchun ham finalga yo‘l oldik. Men bugun hammasidan qoniqish hosil qildim”.
Yevropa Chempionlar Ligasining final o‘yini 28-may kuni Milan shahrida bo‘lib o‘tadi va unda Madridning ikki klubi — “Real” hamda “Atletiko” bosh sovrin uchun kurash olib boradi.