Yaponiyada 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar soni 1950-yil — bunday statistika yuritila boshlaganidan buyon eng past ko‘rsatkichga tushib qoldi, deb yozadi “TASS”. Bu haqda Yaponiya ma’muriy masalalar va kommunikatsiyalar vazirligi mamlakatda 5-may, payshanba kuni nishonlanadigan Bolalar kuni munosabati bilan e’lon qilgan hisobotda aytiladi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyaning 127 millionlik aholisining 16 milliondan sal oshig‘i 15 yoshdan kichik bo‘lgan voyaga yetmaganlardir. Ularning soni bir yilda 150 ming kishiga kamaydi. Ayni paytda bolalar aholining 13 foizinigina tashkil etadi — bu ham rekord darajadagi past ko‘rsatkichdir.
Bolalar sonining qisqarishi tug‘ilish darajasining muntazam pasayib borishi bilan bog‘liq. Yaponiya hukumati uni ko‘tarishni milliy vazifa deb e’lon qilgan, ammo bu yo‘nalishdagi harakatlar hozircha samarasiz bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Yaponiyada keksalar soni oshib bormoqda. Statistikaga ko‘ra, Yaponiyaning 65 yoshdan yuqori aholisi soni 34,8 million kishini tashkil etadi, bu mamlakat butun aholisining 26,7 foizi demakdir. Ushbu ko‘rsatkich ham rekord daraja hisoblanadi.