O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Koreya Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan moliyaviy hamkorlikda “Bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish” to‘g‘risidagi loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini tasdiqladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar beradi.
O‘zbekiston hukumati va Koreya eksport-import banki 2013-yilning 18-dekabrida loyihani amalga oshirish uchun EDCF tomonidan 102,846 million AQSh dollariga teng imtiyozli zayom ajratish haqidagi kelishuvni imzolagan edi. Zayom 40 yil muddatga 0,1 foiz foiz stavkasi (10 yillik imtiyozli davr) bilan taqdim etiladi. O‘zbekistonning loyihadagi ulushi 27,73 million AQSh dollari, jumladan 20,78 million dollarga teng soliq va bojxona imtiyozlarini tashkil etadi.
280 ta o‘rinli Bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi kuniga 250 tashrif va yiliga 1 500 ta operatsiyaga mo‘ljallanadi. Markazning qurilishi 2017-yilga rejalashtirilgan.