O‘zbekistonlik Humoyun Sultonov Italiyaning Santa Margarita Di Pula shahrida o‘tkazilayotgan ITF turkumiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 10 ming dollarga teng tennis turniridagi ishtirokini yakunladi.
Xalqaro tennis federatsiyasining ma’lum qilishicha, 17 yoshli o‘zbekistonlik tennischi yakkalik bahslari ikkinchi davrasida norvegiyalik Kasper Ruudga qarshi kortga chiqdi. Ikki yarim soat davom etgan murosasiz bahsda 5:7, 6:2, 6:1 hisobida norvegiyalik tennischi zafar quchdi.
Dastlabki davrada O‘zbekiston vakili germaniyalik Benjamin Lochchisanoga qarshi bahs olib borgandi. Birinchi setni 1:6 hisobida boy bergan germaniyalik tennischisi ikkinchi setning to‘rtinchi geymidan so‘ng bahsni davom ettira olmasligini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, britaniyalik Jey Klark bilan tandem hosil qilgan Sultonov juftliklar bahsi ilk davrasida argentinalik Tomas Jerini hamda italiyalik Pyerdanio Lo Priore duetini 6:3, 4:6, 10:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratib chorak finalga chiqqan edi. Chorak finalda Sultonov/Klark juftligi italiyalik Andrea Basso va Franchesko Monkagatto duetiga 0:6, 7:6, 5:10 hisobida imkoniyatni boy berdi.