Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda Andijon mashinasozlik instituti talabalari “Qaldirg‘och” nomli elektromobil yaratgani haqida fotoxabarlar paydo bo‘lgan edi. “Qalampir.uz”ning yozishicha, ishlanma aslida Oybek Umarovga tegishli va u institutda o‘qimaydi.
Oybek 1989-yili Andijonda tug‘ilgan, 2008-yili Andijon kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejini tamomlagan. U oiladagi uch farzanddan biri, yolg‘iz o‘g‘il. Otasi — ikkinchi guruh nogironi, onasi — Andijon Bandlikka ko‘maklashish markazida ishlaydi. Bir necha bor oliy o‘quv muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan ham. “Biroq shartnoma pulini to‘lashga imkoniyatim bo‘lmagani sabab o‘qishni tashlab ketdim”, — deydi ayni vaqtda Andijon mashinasozlik institutida laborant bo‘lib ishlayotgan Oybek.
Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z elektromobilini 2013-yili ishlab chiqqan (bundan avvalroq esa kam benzin sarflaydigan avtomobil ishlanmasini tayyorlagan; aytishlaricha, 2015-yili quyosh energiyasi orqali harakatlanadigan avtomobil prototipini yaratgan). Elektromobil kuzovi temir profil va po‘latdan tayyorlangan. Unga elektrodvigatel va akkumlyator o‘rnatilgan. Eng yuqori tezligi soatiga 50 kilometr bo‘lgan mazkur namuna to‘rt soatda to‘liq quvvatlantiriladi va bu quvvat bilan 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
Oybekning qayd etishicha, uning ishlanmasiga chet elliklar qiziqish bildirgan. “Elektromobilning ishlanmasini so‘rab, ko‘p mamlakatlardan takliflar tushdi. Shartnoma imzolamoqchi bo‘lganlar ham bo‘ldi. Lekin ona yurtim bag‘rida yaratgan ixtiromni boshqa mamlakatlarga sotmoqchi emasman”, — deya Oybek Umarovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Qalampir.uz”. O‘zbekistonda ham kimdir uning ishlanmasiga qiziqish bildirganmi-yo‘qmi, bunisi noma’lum.
Oybek Umarov o‘z ixtirosi uchun O‘zbekiston Intellektual mulk agentligidan tegishli patent olishga harakat qilgan. “O‘tgan yili patent olish uchun barcha hujjatlarni taqdim etgandim. Afsuski, to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ni topa olmaganim uchun bu ishlar ham chala qoldi”, — deydi 27 yoshli yigit. Yosh ixtirochining so‘zariga ko‘ra, u o‘zi yaratgan “Qaldirg‘och” elektromobilini Andijon shahrida har kuni minib yuradi (bunga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari qanday munosabat bildirayotganiga “Qalampir.uz” xabarida oydinlik kiritilmagan).