Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab mamlakatlari iqlimning o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan foydalanishni optimallashtirish va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish maqsadida odamlarning ovqatlanish sifatini oshirish va o‘z oziq-ovqat tizimlarini qayta shakllantirishga urinmoqda. Bu haqda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Joze Gratsianu da Silva FAOning Yevropa uchun mintaqaviy anjumani ochilishida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi, deb yozadi FAO matbuot xizmati.
U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqada kundalik kaloriya iste’molidan kelib chiqib hisoblanadigan och kishilarning mutlaq soni 1990-yildan beri kamida 40 foizga kamaygan.
Gratsianu da Silva qo‘shimcha qilishicha, shunga qaramay, ovqatga to‘ymaslikning boshqa shakllari hamon saqlanib qolmoqda. Masalan, Yevropa va Markaziy Osiyodagi 53 mamlakatdan 48 tasida ortiqcha vazn va semirishdan azob chekuvchi kishilar ulushi katta yoshli aholining 55 foizini tashkil etadi. Bo‘y o‘sishi borasida jiddiy ortda qolish bo‘yicha nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar esa Kavkaz va Markaziy Osiyodagi bolalar orasida qayd etilmoqda.
Mintaqadagi nochor va och aholining katta qismi qishloq joylarda yashashini hisobga olib, bosh direktor qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotini rivojlantirish taraqqiyot sohasidagi harakatlarning markazida qolishi kerakligini ta’kidladi.