AQShlik taniqli investor Bill Gross pochta markalari kolleksiyasining bir qismini nomi oshkor etilmagan xususiy investorga 4,5 million dollarga sotdi. U ushbu mablag‘dan 2 millionini o‘zi bir yarim yil aval tark etgan PIMCO kompaniyasi qoshidagi xayriya fondiga yo‘naltirish niyatida, deya xabar beradi “Interfaks”.
Gross o‘zi asos solgan PIMCO’dan ketganidan keyin kompaniya rahbariyati bilan mojaroga kirishgan va ularni 200 million dollar bonus to‘lamaganlikda ayblab, sudga bergandi.
“O‘zim 2000-yilda tashkil etgan va dastlabki ikki yil davomida to‘liq moliyalashtirgan Pimco Foundation fondiga mehrim bo‘lakcha. Hozir qayerda faoliyat yuritayotganimdan qat’i nazar, butun dunyodagi insonlarga salohiyatlarini ko‘rsatishda yordam berishga qaratilgan fond missiyasiga ishonaman va qo‘llab-quvvatlayman”, — deya ta’kidlagan investor.