STAR (Smart Tissue Autonomous Robot) avtonom roboti AQShda dastlabki muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Jons Xopkins universiteti hamda shayx Zayd bolalar ilg‘or xirurgiyasi instituti xodimlarining ishontirishicha, robot ko‘p vazifalarni professional jarrohlardan ko‘ra yaxshiroq eplaydi. Bu haqda, Science Translational Medicine nashriga asoslanib, “Hi-Tech.Mail.ru” xabar bermoqda.
STAR robotlashgan qo‘l, tikish uchun avtomatlashtirilgan instrument va boshqaruv blokini o‘z ichiga oladi. Robot mijoz organizmini yaxshiroq farqlay olishi uchun unga flyuoressent biomarkerlar qo‘shilgan.
Robot infraqizil 3D-kameralardan va tasvirlarni tanish texnologiyalaridan foydalanadi. Bundan tashqari, robotlashgan qo‘l sensorlar tizimi bilan ta’minlangan.
Cho‘chqalarning ichki a’zolari shakli va joylashuvi odamnikiga ancha yaqin bo‘lgani bois tajriba dastlab shu jonivorlarda o‘tkazildi. O‘simtani olib tashlash hamda oshqozon-ichak traktining normal faoliyatini tiklash uchun oshqozon anastamozini joylashtirish operatsiyasini robot insonlarning minimal ishtirokida amalga oshirdi.
Kashfiyot sohiblarining ta’kidlashicha, STAR standart operatsiyalarning sifatini yanada oshirishi mumkin. U to‘liq avtonom tartibda ishlaydi, lekin shifokor istagan paytda robotni o‘chirib qo‘yib, barcha vazifani o‘z zimmasiga olishi mumkin bo‘ladi.
Robot ayniqsa oshqozon operatsiyalarida, xususan, ko‘richakni va o‘txaltani olib tashlashda foydali bo‘ladi. Uning klinik sinovlari 2–3 yildan so‘ng boshlanadi.