Ispaniyaning “Barselona” jamoasi hujumchisi Lionel Messining dastxati qo‘yilgan futbolkani sovg‘a tariqasida olgan besh yoshli afg‘onistonlik bolakay Murtazo Ahmadiyning oilasi “Tolibon” jangarilari tahdidi tufayli Pokistonga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda, bolaning otasi Muhammad Alif Ahmadiyning guvohligiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Murtazo Messi futbolkasining polietilen paketdan yasalgan nusxasini kiyib yurgani fotosuratlarda qayd qilinib, internetda ommalashgach, argentinalik futbolchi unga o‘z futbolkasini tortiq qilgan edi. Shundan so‘ng “Tolibon” nomidan tahdid xatlari bolaning xonadoniga tez-tez kelib tusha boshladi.
“Xatlarda nega bolam islomiy maktabda Qur’onni o‘rganish o‘rniga futbol o‘ynab yurgani tahdid ohangida so‘ralgan edi, — dedi Ahmadiy. — Shundan so‘ng men mol-mulkimni sotib, Afg‘onistondan Kvettaga ko‘chib o‘tdim”.
Muhammad Ahmadiy toliblar uning farzandini o‘g‘irlab ketishidan cho‘chiganini tan oldi.
Izoh (0)