Futbol bo‘yicha Yevropa Ligasi musobaqasining yarim final dastlabki uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Nufuzi jihatdan Yevropa qit’asida ikkinchi raqamli klublar musobaqasi hisoblangan turnir finalida to‘p surish uchun Ispaniya klublari birinchi qadamni tashladi.
Lvov shahrida musobaqaning so‘nggi ikki yildagi g‘olibi “Sevilya”ni qabul qilgan “Shaxtyor” 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Vitoloning tezkor goliga birinchi bo‘limning o‘zida mezbonlardan Marlos hamda Taras Stepanenko bir martadan javob qaytardi — 2:1. 82-daqiqaga kelib polshalik bosh hakam mezbonlar darvozasi tomon penalti belgiladi va uni Kevin Gameyro aniq amalga oshirib, yakuniy natijani o‘rnatdi.
Bir yil muqaddam Yevropa Ligasining finalida Ukrainaning boshqa bir klubi “Dnepr” to‘p surgan va finalda aynan “Sevilya”dan yengilgandi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, so‘nggi ikki musobaqa g‘olibi “Sevilya” yarim final bellashuvlarining birinchisida mag‘lubiyatga uchramagandi. Bu safar ham Unai Emeri jamoasi o‘sha an’anasini davom ettirdi.
Ikkinchi juftlikda “Vilyarreal” o‘z maydonida “Liverpul”ni qabul qilib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Angliya klubi nimchorak va chorak final bellashuvlarining safar o‘yinlarida durang o‘ynab, “Enfild”dagi g‘alabalari evaziga navbatdagi bosqichga yo‘llanma olgandi. “Vilyarreal”ga qarshi yarim final o‘yinida esa Yurgen Klopp jamoasi 92-daqiqada gol o‘tkazib yubordi.
Yevropa Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgan ispan klublari kabi, Yevropa Ligasidagi yurishini davom ettirayotgan Ispaniya klublari ham javob o‘yinlari oldidan imkoniyatni yaxshilab oldi. Hali hech bir klub ketma-ket uch marta zafar quchmagan Yevropa Ligasining javob bellashuvlari 5-may kuni o‘tkaziladi.
Yevropa Ligasi Yarim final o‘yinlari 28-aprel, payshanba
Izoh (0)