Kecha, 27-aprel kuni “Navbahor” klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi va jamoa a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda “Navbahor” jamoasining 2016-yilgi Oliy Liga bahslarining dastlabki olti turdagi ishtiroki muhokama qilindi, deb xabar beradi klub matbuot xizmati.
Yig‘ilishda Namangan shahar hokimi ishtirok etib, “Navbahor” futbol klubi prezidenti Bahodir Bekxodjayev jamoa uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgan bo‘lishiga qaramay, natijalar ijobiy ko‘rinish olmayotganligini aytdi va vaziyatni o‘nglash maqsadida chora ko‘rilishi lozimligini e’tirof etdi.
Klub prezidenti jamoada bosh murabbiy sifatida ish yuritgan Rashid G‘ofurov 27-aprel kuni salomatligi va o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilganligini bildirib o‘tdi. Shuningdek, murabbiylar shtabida qisqartirish amalga oshirilgani tufayli murabbiylar Shuhrat Mirxoldirshoyev va Sherzod Jo‘rayev bilan tuzilgan shartnomalar ham bekor qilinganligi ta’kidlandi.
27-apreldan jamoa bosh murabbiyi vazifasini Aleksandr Volkov bajarishi ma’lum qilindi. O‘z navbatida davra yakuniga ko‘ra jamoa a’zolari oldiga 2015-yilgi natijadan kam bo‘lmagan vazifani bajarish qo‘yildi. Murabbiy va futbolchilar zimmalaridagi vazifalarni bajara olmasa davralar oralig‘ida o‘zaro tuzilgan shartnomalarni ko‘rib chiqish haqida ogohlantirildi.
2015-yilgi mavsumda “Navbahor” jamoasi Oliy Ligani 8-o‘rinda yakunlagan edi. Joriy mavsumda esa namanganliklar o‘tkazgan olti uchrashuvda 4 ochko jamg‘arib, 16 ta klub orasida 13-pog‘onani band qilib turibdi.
Izoh (0)