“Liverpul” himoyachisi Mamadu Sako “Manchester Yunayted”ga qarshi (1:1) Yevropa Ligasi nimchorak final javob o‘yinidan so‘ng doping bilan qo‘lga tushgan. 26 yoshli futbolchi ikkinchi doping-test natijalarini e’lon qilinishidan bosh tortdi va dastlabki doping-test natijalariga e’tiroz bildirmaydi, deb xabar beradi “Chempionat”.
Norasmiy manbalarning ta’kidlashicha, fransiyalik himoyachi badandagi yog‘larni eritadigan moddalar qabul qilgan. Uning tarkibida esa taqiqlangan moddalar mavjud. Sako Yevropa Ligasi yarim final dastlabki uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Vilyarreal” – “Liverpul” uchrashuvida ishtirok etmaydi.
Bir necha yil avval “Liverpul”ning boshqa bir himoyachisi Kolo Ture, “Manchester Siti” safida to‘p surgan vaqtlarida doping qabul qilganligi uchun olti oyga diskvalifikatsiya qilingandi. Agar Sakoga ham shunday jazo qo‘llansa, u 10-iyundan 10-iyulgacha Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Yevro–2016 turnirini o‘tkazib yuboradi.
Izoh (0)