Apple kompaniyasi o‘tgan yili dengizda yo‘qolib qolgan o‘smirning iPhone’ini tiklashda yordam beradi. Bu haqda TJournal yozmoqda.
2015-yilning 24-iyulida 14 yoshli ikki o‘smir — Perri Koen va Ostin Stefanos AQShning Florida shtati sharqiy qirg‘og‘idagi suv omboriga baliq oviga borib, ob-havoning keskin yomonlashishi oqibatida bedarak yo‘qoldi. Bir hafta davom etgan qidiruv ishlari natija bermadi.
18-mart kuni Norvegiyaning ko‘p maqsadli kemasi Bermud orollari qirg‘og‘idan 100 milya narida o‘smirlarning qayig‘ini topib oldi. Bolalarning taqdiri noma’lumligicha qoldi, ammo qayiq ichidan Ostin Stefanosga tegishli iPhone 6 topildi.
Aniqlangan telefon ichidagi ma’lumotlar taftishni davom ettirishga imkoniyat berishi kutilmoqda. Jumladan, gadjetda bolalarning halokat oldidan so‘nggi murojaati yoki ular oxirgi marta qayerda bo‘lgani haqida ma’lumot saqlangan bo‘lishi mumkin.
O‘smirning otasi Blu Stefanos Apple telefon ichidagi ma’lumotlarni tiklashda yordam berishini aytdi.
“Biz FWC (Florida baliqchilik idorasi) bilan ular telefonni olganidan buyon yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz va ularga to‘liq ishonamiz. Bundan tashqari, biz telefon ishlab chiqaruvchisi bilan aloqadamiz, u esa, aftidan, telefon ishini tiklashda yordam bermoqchi. Bu bizning birlamchi vazifamiz, negaki telefon sakkiz oy mobaynida sho‘r suvda bo‘lgan”, — dedi Blu Stefanos.
Stefanos bu holatni Apple’ning FQB bilan terrorchining smartfoni himoyasini buzish borasidagi tortishuviga bog‘lamaslikni so‘radi.
“Biz ishlab chiqaruvchi bilan hamkorligimizga to‘sqinlik qiladigan bayonotlar berishni istamagan bo‘lardik. Afsuski, oxirgi paytlar ko‘zga tashlangan ayrim spekulyatsiyalar bunga sabab bo‘lishi mumkin”, — deb ta’kidladi o‘smirning otasi.
AppleInsider nashri nima sababdan bu voqeani FQB va korporatsiya o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat bilan qiyoslab bo‘lmasligini tushuntirib o‘tdi: birinchidan, bolaning telefoni bloklanganmi, yo‘qmi — ma’lum emas, ikkinchidan, Apple xavfsizlik qoidalari favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi, uchinchidan, mazkur holatda yordam davlat organi tarafidan emas, telefon egasining qarindoshlari tomonidan so‘ralmoqda.
Izoh (0)