Norvegiya harbiy-havo kuchlari rahbariyati ikkita F-16 Fighting Falcon qiruvchi samolyotlarining o‘quv parvozini bekor qilib, shifokorlarning yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosini qondirdi, deya xabar bermoqda N+1 nashri.

Foto: Foto: N+1

Foto: Foto: N+1

2016-yil 4-aprel kuni Bodyo shahar kasalxonasiga nafas yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bemor olib kelingan, unga zudlik bilan yordam ko‘rsatish uchun ekstrakorporal membranali oksigenatsiya qurilmasi zarur bo‘lgan. Bemor hayotini saqlab qolishda Norvegiya harbiy-havo kuchlari ishtirok etdi.

Zarur qurilma Bodyodan topilmagan. Eng yaqin qurilma Tronxeym shahrida — 470 kilometr janubda bo‘lgan. Og‘ir ahvoldagi bemorni Tronxeymga yetkazish uchun 10 soatcha vaqt kerak bo‘lardi va bu uning hayoti uchun xavfli edi. Oqibatda shifokorlar harbiylarga murojaat etishga qaror qilgan.

Yordam haqidagi iltimosga Tronxeym yaqinida joylashgan aviabaza javob bergan. Aviabazada F-16 qiruvchi samolyotlari o‘quv parvoziga shaylanayotgan bo‘lgan. Hodisalarning baxtli ketma-ketligi sabab, samolyotlardan biri yuk konteyneri bilan jihozlangan edi.

Podpolkovnik Byorge Kleppening so‘zlariga ko‘ra, F-16 samolyotlari odatda transport konteynerlarini olib yurmaydi. Shifokorlarning iltimosi bir necha daqiqa kech kelganida edi, samolyotlar uchib ketgan bo‘lardi.

Yordam haqidagi iltimosni qabul qilgan harbiylar qurilmani Tronxeymdagi kasalxonadan olib, zudlik bilan Bodyoga yetkazib bergan. Qonni oksigenatsiya qilish qurilmasi shifokorlar iltimosi qabul qilinganidan 40 daqiqa o‘tib yetkazib berilgan, samolyot bir shahardan boshqasiga yetib borishi uchun 25 daqiqa kerak bo‘lgan.

Foto: N+1

Foto: N+1

Katta ehtimol bilan, F-16 qiruvchi samolyoti o‘z tarixida ilk bor bu kabi operatsiyada ishtirok etdi, umuman olganda, harbiy texnika inson hayotini saqlab qolishda tez-tez qatnashib turadi.

Masalan, o‘tgan yilning dekabr oyi boshida AQShning “Zumvalt” esminetsi sinov suzishi vaqtida “Donni Boy” baliqchi kemasi kapitaniga — ko‘kragida kuchli og‘riq paydo bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatgan edi. Esminets ekipaji kapitanni bortga olib, unga birinchi yordam ko‘rsatgan va AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati vertolyotini chaqirib, shifoxonaga jo‘natgan edi.