Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finalidagi “Real”ga qarshi o‘yin oldidan “Manchester Siti” bosh murabbiyi Manuel Pellegrini o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar berdi.
“Yarim finaldan rostmana rohatlanishimiz kerak, chunki biz bu bosqichga har doim ham yetib kelavermaymiz. Futbolchilar buning qanchalar muhim ekanini yaxshi bilishadi. Shuningdek, xotirjamlikka berilish ham yaramaydi, sababi musobaqada davom etishni va finalda o‘ynashni hamma ham xohlaydi. Bizni g‘alaba uchun ruhlantirilgan jamoa kutib turibdi”, — deb aytib o‘tdi Pellegrini.
Qayd etish kerak, chililik mutaxassis 2009/10-yilgi mavsum davomida Madridning “Real” klubini boshqargan. O‘shanda jamoa La Ligada o‘zi uchun maksimal bo‘lgan 96 ochko to‘plaganiga qaramay, “Barselona”dan keyin ikkinchi bo‘lgan, Chempionlar Ligasining 1/8 finalida “Lion”dan mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan. Eng qizig‘i, “Real” Ispaniya Kubogida 3-divizion jamoasi hisoblangan “Alkorkon”dan yengilib, turnirdan chiqib ketgan.Manuel Pellegrinining fikriga ko‘ra, “Manchester Siti” finalga yo‘llanma olish yo‘lida himoyaviy futbolni ham unutmaydi: — “Men jamoamga doimo hujumkor futbol ko‘rsatishni o‘rgatib kelaman. Finalda o‘ynash uchun esa himoyani ham nazardan qochirmaslik kerak. Biz maydonga sovuqqon bosh hamda qiziqqon yurak bilan chiqib kelamiz. O‘z hissiyotlarimizni nazoratda ushlashga intilamiz”.
Izoh (0)