Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Savay qishlog‘ida 26-aprel, seshanba kuni sut qabul qilish markazi ochildi. “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, birinchi sut qabul qilish taqdimot markazi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekiston Respublikasining alohida mintaqalarida iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Viloyatdagi sut fermalari va yordamchi xo‘jaliklar kam hajmda mahsulot ishlab chiqaruvchi, kichik daromad ko‘radigan korxonalar hisoblanadi. Ular faqat kichik aholi yashash punktlarining ehtiyojlarini qondira oladi, xolos. Kichik mahalliy markazlar rivojlanib, mahsulot hajmi va sifatini o‘stirish tendensiyasini namoyon qilmayapti.
Bu muammoni hal qilishning yo‘llaridan biri aholidan sut to‘plash punktini ochish edi. Bu bilan sutni sog‘ish, to‘plash va qayta ishlash sifati oshiriladi, qoramolni boqish va saqlash sharoitlari va texnologiyalarini yaxshilash hisobiga qoramollarning sermahsulligi ham o‘sadi.
Loyiha realizatsiyasi uchun GIZ Savay, Dardak va Dehqonchak qishloqlaridagi uchta sut to‘plash punkti uchun asbob-uskuna xarid qildi. Uskunalar Savdo-sanoat palatasi va mahalliy sutni qayta ishlovchi “Oq suv” xoldingi bilan hamkorlikda o‘rnatiladi. Punktlarning vazifasi xoldingni sifatli sut bilan ta’minlash bo‘ladi.
Hozircha bitta punkt ochildi. “Oq suv” rahbari Alijon Ahmedov ochilish marosimidagi chiqishida qolgan punktlar 2016–2017-yillar davomida qurib bitirilishini aytdi.
Xolding kuniga 20 tonna sutni qayta ishlash salohiyatiga ega bo‘lsa ham, hozirlikda bu ko‘rsatkich 5 tonnani tashkil qilmoqda. Yetkazilayotgan sut hajmining oshishi bilan mahsulot xilma-xilligi ta’minlanadi, jumladan, germaniyalik mutaxassislar ko‘magida yumshoq va qattiq pishloqning yangi navlari ishlab chiqarila boshlaydi.
Xolding mahsulotlari bugun Toshkent, Namangan, Samarqand singari shaharlarda sotiladi. Kompaniya mutasaddilari kelajakda qo‘shni mamlakatlarning bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)