AQShning eng yirik gazeta noshiri bo‘lgan Gannett Co. Inc. korporatsiyasi Tribune Publishing Co. kompaniyasini sotib olish taklifi bilan chiqdi. Taklif qiymati, 390 million dollar miqdordagi qarzlarni inobatga olgan holda, 815 million dollarga tengdir, deb xabar bermoqda “Vedomosti”.
Gannett tarqatgan xabarnomasida Tribune’ning har bir aksiyasi uchun 12,25 dollar to‘lashga tayyorligini bildirdi. Bu Tribune qimmatbaho qog‘ozlari uchun 22-aprel, juma kungi sotuvlarda belgilangan narxdan (7,52 dollar) 63 foizga ko‘proqdir.
Yil boshidan 22-aprelgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Tribune kapitalizatsiyasi 18 foizga, Gannett kapitalizatsiyasi 3,2 foizga qisqardi.
Gannett brendlari sirasiga USA Today kiradi, Tribune esa Chicago Tribune, Los Angeles Times, Orlando Sentinel, The Baltimore Sun va boshqa bir qator gazetalar noshiri sifatida mashhur. U bozorda uchinchi pog‘onani egallab turibdi.