Oliy Liga 5-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” – “Mash’al”, “Nasaf” – “Qo‘qon-1912”, “Metallurg” – “Obod” hamda “Buxoro” – “Andijon” uchrashuvlaridan so‘ng mezbon jamoa matbuot xizmati hisobotlarni O‘zPFLning rasmiy elektron pochtasiga yubormagan. Reglament talabiga bo‘ysunmagani uchun, mazkur klublar qattiq ogohlantiriladi, deb xabar beradi O‘zPFL rasmiy sayti.
Tashkilot xabarida aytilishicha, O‘zbekiston nohavaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasidagi 2016-yilgi musobaqalar reglamentining 19-moddasi 19.22-bandiga muvofiq, Oliy Liga klublari matbuot kotiblari uy uchrashuvlari hisobotlari (uchrashuv protokoli nusxasi, fotosuratlar va boshqa ma’lumotlar)ni O‘zPFLning rasmiy elektron pochtasiga yo‘llashi shart.
Alohida ta’kidlab o‘tish joiz, Reglamentning 19-moddasi 19.22-bandi talablarini bajarmagan klublarga nisbatan Oliy Liga 6-tur uchrashuvlaridan boshlab moliyaviy jarima choralari qo‘llaniladi.
Izoh (0)