Yodgorliklar insonlarga unutilib borayotgan o‘tmish voqea-hodisalarini, tarixning yaxshi yoki yomon jihatlarini eslatib turish vazifasini ado etadi. Ayrim haykallar va kompozitsiyalar buyuk qahramonlarni, fidoyi insonlarni yod etishga mo‘ljallansa, boshqa ba’zi birovlari, aksincha, tarixning qayg‘uli sahifalarini esga solib turadi. Ammo har ikki turdagi yodgorliklarning mohiyati odamlarga ibrat bo‘lishdir.
WowFacts o‘tmishning va bugunning qayg‘uli qirralariga bag‘ishlangan eng ma’yus yodgorliklardan iborat fotojamlanmani taqdim etdi.
1. Budapesht sohilidagi oyoq kiyimlari
Memorial Ikkinchi jahon urushi yillarida shu sohilda otib tashlangan yahudiylar xotirasiga 2005-yilda ochilgan. Fashistlar odamlarning poyabzalini yechtirib, ularni bir-biriga bog‘lar, so‘ng bittasini otib tashlardi: o‘lgan odam suvga qulab, o‘zi bilan tirik sherigini ham tortib ketardi. Bu bilan fashistlar ham patronlarni tejar, ham bepul oyoq kiyimiga ega bo‘lardi. Sohilga 60 juft poyabzal qo‘yilgan, lekin qurbonlarning soni bundan ancha ko‘p edi.
2. Xatiko
Shu nomli mashhur filmni ko‘rgan hamma Xatiko laqabli itning tarixini juda yaxshi biladi. U har kuni xo‘jayinini temir yo‘l stansiyada kutib olardi. Ammo bir kuni xo‘jayini yurak xurujidan qazo qildi va shu bilan stansiyaga boshqa kelmadi, it esa uni 10 yil davomida kutdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida vayron bo‘lgan monument 1948-yilda qayta tiklandi.
3. Ilma-teshik soyabon tutgan qiz
1999-yilning 30-may kuni Minskda so‘nggi qo‘ng‘iroq nishonlanayotgan edi. Yoshlar shahar kezib yurganida yomg‘ir boshlandi. Odamlar yer osti o‘tish yo‘lida yomg‘irdan saqlanishga urindi, ammo bu yerda tiqilinchlik kelib chiqdi. O‘tish yo‘lida 53 kishi halok bo‘ldi. Ularning uch nafarigina 30 dan oshgan edi.
4. Xatin majmuasi
Majmua fashistlar tomonidan yo‘q qilingan belarus qishlog‘ining o‘rnida joylashgan. Bu yerda tiriklay yoqib yuborilgan 149 kishining 75 nafari bolalar edi.
5. Sankt-Peterburgdagi stela
157-sonli qarorning mudhish oqibatlariga bag‘ishlangan yodgorlik toshi. 1942-yil martida qabul qilingan bu maxfiy hujjatda murdalarni 1-g‘isht va jilvirtosh zavodida yoqib yuborish ko‘rsatilgan edi.
6. Rigadagi tug‘ilmagan bolalar memoriali
Ular bugun bizning oramizda bo‘lishi mumkin edi, lekin turli sabablarga ko‘ra dunyoga keltirilmadi.
7. Tug‘ilmagan bolalarga bag‘ishlangan yana ikki yodgorlik
Bir xil shakldagi bu ikki kompozitsiya Slovakiyada va Rossiyaning Surgut shahrida joylashgan. “Onajon, yig‘lamang, men baribir sizni yaxshi ko‘raman” deb nom olgan yodgorlikning bir qismi billurdan yasalgan.
8. Yoqib yuborilgan kitoblarga bag‘ishlangan yodgorlik
Yodgorlik Germaniya poytaxti Berlinda 1995-yilda o‘rnatilgan. U bo‘sh kitob javoni shaklida bo‘lib, to‘shama yo‘lning pastki sathida, shisha ostida joylashgan. Yodgorlikka shunday so‘zlar bitilgan: “Bu maydonda 1933-yilning 10-mayida natsist talabalar kitoblarni yoqib yuborgan edi”. So‘ng Genrix Geynening so‘zlari keltirilgan: “Bu boshlanishi edi, kitob yoqilgan yerda oxir-oqibat insonlar ham yoqiladi”.
9. Pavlov itining haykali
Sankt-Peterburgning Aptekarskiy orolidagi Eksperimental tibbiyot instituti bog‘ida o‘rnatilgan yodgorlik ilmiy eksperimentlar va tajriba jonivorlari xotirasiga bag‘ishlangan.
10. Mamayev kurgan
Stalingrad qamalining eng fojiali lahzalari kechgan Mamayev kurgan tepaligi 1942–1943-yillarda fashistlarga qarshilik ko‘rsatishning asosiy nuqtalaridan biriga aylandi. Tepalikdagi birodarlik qabrlarida 35 ming kishi dafn etilgan.
Izoh (0)