Xitoylik 61 yoshli Lyan Syan tirishqoqlik bilan mashq qilib, ajoyib natijalarga erishish orqali mashhur bo‘lib ketdi, deb yozadi “Kulturologiya”. Hozir ushbu erkakning qaddi-qomatiga har qanday yosh yigit ham havas qiladi. Buning ustiga, Lyan 2016-yilgi “Dakar” poygasida ishtirok etmoqchi va shu tariqa, marafonning eng keksa qatnashchisiga aylanmoqchi.
Lyan Syanning o‘g‘li va nevarasi bor, ammo bunday buva jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha har qanday 30 yoshli erkakdan ustunroq. Bunday jismoniy formaga Lyan har kuni bir necha soatdan sport bilan shug‘ullanish orqali erishgan.
Lyan Syan uzoq yillar mahalliy fabrikada ishlab, 1991-yilda o‘z biznesini ochgan. Ishlari rivojlanib ketib, yetarlicha pul topa boshlagach, Lyan o‘z bo‘sh vaqtini poygalarda ishtirok etishga sarflashga kirishdi. Ammo uning yoshi kattaroq bo‘lgani uchun yosh haydovchilar bilan raqobatga kirisha olmas edi.
O‘n yil avval do‘stlaridan biri unga sport bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlashni maslahat berdi. Shu tariqa, Lyan 50 yoshida sport klubiga qatnashni boshladi. So‘ng o‘z ovqatlanish ratsionini o‘zgartirdi: endi Lyan kuniga yetti mahal ovqatlanadi, go‘shtdan esa deyarli to‘liq voz kechgan.
Lyan o‘z o‘g‘li bilan “Dakar” rallisida 2012-yilda ishtirok etgan va aynan o‘shanda ushbu marafonga mukammal jismoniy formaga erishgandan so‘ng qaytishga qaror qilgan edi.
Izoh (0)