Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) Angliyaning “Liverpul” klubiga nisbatan intizomiy ish ochdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Xabar qilinishicha, “Liverpul” muxlislari Dortmundning “Borussiya” jamoasiga qarshi (4:3) Yevropa Ligasi chorak final javob o‘yinida pirotexnika vositalarini stadionda ishlatgani uchun UEFA tartib-intizom reglamentining 16 (2) bandi bo‘yicha Mersisayd klubiga nisbatan ish ochildi.
The Guardian nashrining ma’lum qilishicha, ushbu holat UEFAning 19-may kuni bo‘lib o‘tadigan tartib-intizom bo‘yicha komissiya kengashida muhokama qilanadi. Turnir finali esa 18-may kuni Bazel shahrida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq UEFA “Borussiya Dortmund” – “Liverpul” (1:1) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda dortmundlik muxlislar stadion yo‘laklarini yopib qo‘ygani uchun “Borussiya”ga, mersisaydlik muxlislar pirotexnika vositalarini ishlatgani va turli buyumlarni stadionga uloqtirgani uchun “Liverpul”ga nisbatan intizomiy ish ochgan edi.
Eslatib o‘tamiz, mersisaydlik muxlislar “Manchester Yunayted”ga qarshi (1:1) Yevropa Ligasi 1/8 final javob o‘yinida taqiqlangan qo‘shiqlar kuylagani, ortiqcha predmetlarni maydonga uloqtirib, pirotexnika vositalaridan foydalangani va ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun UEFA tomonidan “Liverpul”ga e’tiroz bildirilgan edi.
Izoh (0)