Osiyo Chempionlar Ligasi “B” guruhi 5-turida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi ertaga, 20-aprel kuni o‘z maydonida Qatarning “Lahviya” klubiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida “qaldirg‘ochlar” ustozi Sergey Lushchan va himoyachi Akmal Shorahmedov ishtirok etdi.
“Keyingi bosqichga o‘tish uchun nazariy jihatdan imkoniyatimiz bor. O‘z maydonimizda bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ochiq va hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz. ‘Lahviya’ni o‘rganib chiqdik. Ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqladik. Raqibning himoyasida muammolar bor. Shunga qaramay, ‘Lahviya’ OChL pley-off bosqichiga chiqish uchun asosiy da’vogar”, – dedi Sergey Lushchan.
“Bo‘lajak o‘yinda turnir jadvaliga qaramasdan, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. G‘alaba qozonsak o‘zimizga ishonch ortadi va keyingi o‘yinlarda ham bu bizga kuch beradi”, – deb qo‘shimcha qildi Shorahmedov.
Shundan so‘ng “Bunyodkor” ustozi jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Tarkibda yo‘qotishlar bormi?
- Tarkib borasida muammolar bor, chunki jarohatlar doim bo‘ladi. Shunga qaramay, ertangi o‘yinga deyarli barcha futbolchilar tayyor.
- Dostonbek Hamdamovga arab mamlakatlari va Portugaliyadan qiziqishlar bor ekani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga qanday izoh berasiz?
- Men ham sizlar singari ushbu xabarlarni faqat eshitdim. Bu savollar bilan rahbariyatga murojaat qilish kerak. Nafaqat Dostonbekka, boshqa futbolchilarga ham qiziqishlar bor. Ammo men bu savollarga aniq javob qaytara olmayman.
“Bunyodkor” – “Lahviya” uchrashuvi 20-aprel, chorshanba kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo Chempionlar Ligasi “B” guruhi 4-turidan so‘ng “Lahviya” 5 ochko bilan ikkinchi, “Bunyodkor” 2 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)