M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filialida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi hamkorligini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalar” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir ishtirokchilari qatorida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F. Abdurahimova va boshqalar bor edi.
“Farzand tarbiyasida oila bilan birga mahallaning o‘rni ham katta, — dedi tadbir ishtirokchisi — Mirobod tumanidagi Yangi zamon mahallasining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Naima Beknazarova. — Bu mahalla zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bugungi o‘quv-seminarida ‘Oila – mahalla – ta’lim muassasasi’ hamkorligini yanada kengaytirishga doir ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik”.
Tadbirda mahallalar va ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning davomati, odob-axloqini alohida nazoratga olish, ularni turli o‘quv va sport to‘garaklariga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. Qizlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish, erta nikoh va oilaviy nizolarning oldini olish masalalarini umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilariga keng tushuntirib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Izoh (0)