Yaponiya janubi-g‘arbidagi Kyusyu orolida 5,8 magnitudali navbatdagi yer silkinishi — aftershok kuzatildi. “TASS” agentligining bildirishicha, Yaponiya metereologiya agentligi shu munosabat bilan sunami tahdidini e’lon qilib, uni darhol bekor qilgan.
Tabiiy ofat o‘chog‘i yer ostida 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Uning epitsentri Kumamoto prefekturasiga to‘g‘ri keladi. Silkinishlar butun Kyusyu oroli, shuningdek, Xonsyu orolidagi bir qancha g‘arbiy prefekturalarda sezildi.
Aftershok oqibatida zarar ko‘rganlar haqida hozircha axborot berilmadi. Kyushu Electric Power (KEPCO) energetika kompaniyasi bergan bayonotga ko‘ra, “Senday” va “Genkay” atom elektr stansiyalarida hech qanday ko‘ngilsiz holat kuzatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 14-aprel kuni Kyusyu orolida o‘chog‘i Kumamotoga to‘g‘ri kelgan 6,2 magnitudali zilzila ro‘y bergan edi. Uning oqibatida 41 kishi qurbon bo‘ldi, 2 ming kishi jarohat oldi. Zilziladan so‘ng 120 dan oshiq yerosti silkinishi qayd etildi.
16-aprel kuni Kumamoto prefekturasida Aso vulqoni otilishi boshlandi. Yaponiyaning eng yirik kompaniyalari, jumladan, Toyota, Honda, Nissan, Sony, Fujifilm vayronkor ofatdan zarar ko‘rgan hududda o‘z korxonalari faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi.
Izoh (0)