22 yoshli o‘zbekistonlik bokschi Qudratillo Abduqahhorov Selangor (Malayziya)dagi One World Hotel arenasida Butunjahon boks federatsiyasi (WBF) hamda yoshlar o‘rtasida Butunjahon professional boks federatsiyasi (WPBF Youth)ning chempionlik kamarlari uchun 22 yoshli meksikalik Xuan “Tornado” Oroskoga qarshi ringga ko‘tarildi, deb xabar beradi “Sports.uz”.
10 raundlik jangda o‘zbekistonlik bokschi raqibidan ustun kelib, ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Qudratillo professional boksdagi debyut bahsini 2015-yilning 18-oktabrida boshlagan va bu jangga qadar 5 ta jang o‘tkazib, barchasida nokaut bilan g‘alaba qozongan. Qudratillo Abduqahhorov ayni damda o‘zbekistonlik bokschilar reytingida Bahodir Mamajonov, Behzod Nabiyev va O‘ktamjon Rahmonovdan so‘ng to‘rtinchi pog‘onada turibdi.
Qayd etish joiz, Xuan “Tornado” Orosko ushbu jangga qadar professional boksda 13 marta ringga ko‘tarilgan va 9 tasida (8 tasida nokaut bilan) g‘alaba qozonib, 2 ta jangda mag‘lub bo‘lgan. Yana 2 tasida durang qayd etgan.
Ma’lumot uchun, WPBF professional boksda kattaligi bo‘yicha oltinchi tashkilot hisoblanadi. Mazkur tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazish va professional boks bo‘yicha xalqaro turnirlar tashkil qilish huquqiga ega.
Izoh (0)