BMTning Markaziy Afrika Respublikasidagi tinchlikparvar missiyasi (MINUSCA) vakili bo‘lgan marokashlik askar 17-aprel kuni mamlakat janubi-sharqidagi Rafay shahri yaqinida jangarilar uyushtirgan hujum chog‘ida halok bo‘ldi. Bu haqda, BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning bayonotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, “Xudoning mudofaa armiyasi” guruhi tomonidan Agumar qishlog‘iga uyushtirilgan hujumga javob tariqasida tinchlikparvar kuchlar patruli Rafayga yo‘llangan. Otryad tarkibida bo‘lgan Marokash vakili noma’lum shaxs tomonidan otib ketilib, bir muddat o‘tib olingan jarohatlar bois hayotdan ko‘z yumgan.
BMT bosh kotibi Pan Gi Mun halok bo‘lgan askarning oila a’zolariga va Marokash hukumatiga ta’ziya izhor etib, mamlakatda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishga intilayotgan insonlarga hujum uyushtirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. U yaqinda saylangan hukumatni jinoyatchilarga jazo tayinlashga chaqirdi.
BMTning MARdagi ko‘p ixtisosli kompleks missiyasi (MINUSCA) 2014-yilning aprelida Xavfsizlik Kengashining 2149-rezolyutsiyasiga binoan ta’sis etilgan va o‘sha yilning sentabrida ish boshlagan. Uning tarkibiga 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi kiradi. Oxirgi oylarda missiya tarkibidagi Fransiya kontingenti vakillariga qarshi voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq o‘nlab ayblovlar ilgari surildi.
Izoh (0)