Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 5-tur bellashuvlari start oldi. Uning 15-aprel sanasiga belgilangan o‘yinlarida Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgan klublardan uchtasi maydonga tushdi.
Mavsum boshidan buyon o‘tkazilgan rasmiy o‘yinlarning hech birida mag‘lubiyatga uchramagan Toshkentning “Lokomotiv” klubi “Mash’al” ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi. Bir tur avval “Lokomotiv” Jizzaxda ochko yo‘qotgan bo‘lsa, “Mash’al” mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritgandi.
Mazkur bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining vitse-sardori Server Jeparov mavsumdagi birinchi golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Oliy Liganing dastlabki to‘rt turida 5 ta gol kiritgan Temurxo‘ja Abduxoliqov, bu safar ham muvaffaqiyat qozondi. Shu tariqa Abduxoliqov barcha turda gol urayotgan yagona futbolchiga aylanib oldi.
Turning markaziy o‘yini Navoiy shahrida, “Qizilqum” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Dastlabki to‘rt turda 10 ochko ishlagan “Qizilqum” mamlakatning amaldagi chempioniga ham jiddiy qarshilik ko‘rsata oldi.
Bir tur avval Toshkentda “Obod” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan Navoiy klubi, bu safar “Paxtakor” bilan ham shu natijaga imzo chekdi. Bu “Paxtakor”ning ketma-ket uchinchi durang natijasi edi.
Kunning so‘nggi o‘yinida “Nasaf” 3 ochko egasiga aylandi. Jamoa sardori Artur Gevorkyan 24-daqiqasida qizil kartochka olgan “Qo‘qon—1912”ga qarshi o‘yin Sherzod A’zamovning birgina goli bilan yakuniga yetdi. Bir soatdan ziyod vaqt davomida bir kishi ko‘p harakat qilgan Qo‘qon klubi, o‘yin yakuniga qadar vaziyatni o‘nglay olmadi.
5 ta o‘yinda 13 tadan ochko jamg‘argan “Lokomotiv” va “Nasaf” klublari turnir jadvalida qo‘shhokimlikni yuzaga keltirgan. “Qizilqum” 11 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. “Paxtakor” hisobida esa 9 ochko bor.
5-turning qolgan bellashuvlari 16—17-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Oliy Ligasi 5-tur bellashuvi 15-aprel, juma
“Lokomotiv” — “Mash’al” 3:1
Gollar: Server Jeparov, 27-pen (1:0). Sardor Mirzayev, 67 (2:0). Temurxo‘ja Abduxoliqov, 79 (3:0). Shahzod Shaymanov, 90+1 (3:1).“Qizilqum” — “Paxtakor” 2:2
Gollar: Igor Sergeyev, 64 (0:1). Samandar Shodmonov, 72 (1:1). Kamoliddin Tojiyev, 81 (1:2). Georgiy Kvesiyeshvili, 90+4 (2:2).“Nasaf” — “Qo‘qon—1912” 1:0
Gol: Sherzod A’zamov, 28 (1:0).Chetlatish: Artur Gevorkyan, 24 (N).16-aprel, shanba“Metallurg” — “Obod”“Navbahor” — “Sho‘rtan”“Neftchi” — “So‘g‘diyona”“Bunyodkor” — “Olmaliq”
17-aprel, yakshanba“Buxoro” — “Andijon”
Izoh (0)