Amerikalik Augusta Uvamanzu-Nna bir paytning o‘zida Pechaklar ligasining barcha universitetlariga o‘qishga qabul qilindi. Bu haqda New York Magazine xabar beradi.
17 yoshli Augusta nigeriyalik muhojirlarning qizidir. Maktabni tamomlagandan so‘ng Augusta bir nechta oliygohga hujjat topshirdi. Unga Braun, Kolumbiya, Kornell va Pensilvaniya universitetlaridan ijobiy javob keldi. Bitiruvchini, shuningdek, Prinston, Yel, Garvard va Dartmut kolleji ham o‘qishga taklif qildi.
Augusta qaysi o‘quv muassasasini tanlash haqida hozircha qaror qabul qilmadi. Uning so‘zlariga qaraganda, ota-onasi unga doim maktabda tirishqoqlik bilan o‘qishni maslahat bergan va Augusta ularning fikriga quloq tutgan. U o‘rta ta’lim olish chog‘idayoq Intel Science Talent Search iste’dodlar tanlovida g‘olib bo‘lgan.
Pechaklar ligasi (The Ivy League) — bu AQSh shimoli-sharqidagi yettita shtatda joylashgan sakkizta xususiy universitetning uyushmasidir. Bu nom ushbu universitetlar eski binosini o‘rab olgan pechaklar nomidan kelib chiqqan. Liga a’zolari yuqori sifatli ta’lim bilan ajralib turadi deb hisoblanadi.
Izoh (0)