1967-yilda Xalqaro bolalar kitobi kengashi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, jahonning ko‘pgina mamlakatlarida daniyalik buyuk ertakchi Xans Kristian Andersenning tavallud kuni — 2-aprel Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida nishonlanadi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.
Respublika bolalar kutubxonasida har yili Xalqaro bolalar kitobi kuni muhim bayram sifatida nishonlanadi. Bayram munosabati bilan tayyorlangan dastur doirasida bolalar kitobi haftaligi o‘tkaziladi, kutubxona bolalar bilan gavjum bo‘ladi. Kichik yoshdagi bolalar uchun Andersen asarlari bo‘yicha viktorinalar, katta yoshdagi bolalar uchun esa taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, turli ko‘rik-tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kutubxona bo‘yicha sayohat, taniqli xonandalar ijrosida musiqiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va kitob ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Shu kunlarda O‘zbekistondagi barcha ta’lim va madaniyat muassasalarida, kutubxonalarda bolalar kitobi bayrami munosabati bilan “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” loyihasi doirasida aksiyalar o‘tkazilmoqda.
Tadbirda yosh kitobxonlar o‘zbek va jahon adabiyoti xazinasidan saralab olingan asarlar, xususan, she’rlar, qissalar, ertaklar, afsona va rivoyatlar hamda zamonaviy adabiy jarayon bilan ham yaqindan tanishadi.
Izoh (0)