Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Oliy Rada binosi oldida miting o‘tkazayotgan konchilar bilan uchrashuvga ko‘zoynak o‘rniga Google Glass gadjetini taqib keldi. Bu haqda, mamlakat hukumati matbuot xizmatiga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Konchilar bir oydan buyon joriy yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ilovasiga ko‘mirchilikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zgartishlar kiritishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, qonunga ko‘mir qazib chiqaruvchi davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash haqidagi band kiritilishi lozim.
Yatsenyuk odatda ko‘mirchilik sohasiga ajratiladigan davlat budjeti mablag‘larini saqlab qolish masalasini darhol hukumat muhokamasiga qo‘yishni va’da qildi.
Shuningdek, u o‘zi taqib kelgan Google Glass gadjeti bilan zaboylarda ishlaydigan konchilarning ta’minlanishi ish samaradorligini va qulayligini oshirishini ta’kidlab o‘tdi.
“Ukrainaning kelajagi eng zamonaviy texnologiyalar, fuqarolik jamiyati va hokimiyatning birlashishidadir”, — deb ta’kidladi hukumat rahbari.
Izoh (0)