KXDR diplomatlari alohida-alohida bergan ikki intervyuda Koreya yarim orolida ixtilof kelib chiqishi va unda yadroviy qurol qo‘llanishi mumkinligini aytib o‘tdi. Bunda aybdor sifatida AQSh va Janubiy Koreya ko‘rsatildi, deb xabar beradi “RBK”.
Shimoliy Koreyaning Moskvadagi elchisi Kim Xen Chjun “Interfaks” agentligiga bergan intervyusida yarim oroldagi vaziyat ixtilof yuz berishi mumkin bo‘lgan ahvolga yaqinlashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga qaraganda, AQSh va Janubiy Koreya o‘tkazayotgan keng miqyosli harbiy mashg‘ulotlar bunga sabab bo‘lgan.
“Amalda AQSh bizning mamlakatga yadroviy zarba berishni mashq qilmoqda”, — dedi diplomat.
O‘z navbatida, KXDRning BMTdagi vakili Pyong So Se Reuters agentligiga bergan intervyusida Janubiy Koreyadagi harbiy mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asl maqsad Shimoliy Koreya rahbariyatini yo‘q qilib, poytaxt Pxenyanni egallash ekanligini aytdi.
“Agarda AQSh o‘z harakatlarini davom ettirsa, javob choralari ko‘rishga to‘g‘ri keladi”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Bir muddat ilgari KXDR vakillari, xavf tug‘ilsa, preventiv yadro zarbasi berishga tayyorliklarini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)