Rio—2016 Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini 11 nafar bokschi himoya qiladi. Bu O‘zbekiston boks terma jamoasi uchun rekord ko‘rsatkichdir.
Hozirga qadar bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkich 2000-yilgi Sindey Olimpiadasi bilan bog‘liq bo‘lib, yashil qit’ada O‘zbekiston sharafini 10 nafar charm qo‘lqop ustasi himoya qilgan. Bu erkaklar o‘rtasidagi musobaqaning barcha — 10 ta vazn toifasida bittadan o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etganidan dalolat beradi.
Kecha, 31-mart kuni Xitoyning Sian An shahrida boks bo‘yicha Rio—2016 yo‘llanmalari uchun Osiyo va Okeaniya mintaqalarining qo‘shma litsenzion turnirining yarim final bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi va unda ishtirok etayotgan yetti nafar o‘zbekistonlik sportchining barchasi Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Bu esa O‘zbekiston boks terma jamoasi tarixda ikkinchi bor barcha vazn toifasida Olimpiadada ishtirok etishini bildiradi.
Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik birinchi ayol bokschi Yodgoroy Mirzayevani ham qo‘shib hisoblaganda, Riodagi olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan bokschilarning umumiy soni 11 nafarga yetdi. Bu — rekord ko‘rsatkich.
Ayollar o‘rtasidagi Olimpiada bahslariga litsenziya beruvchi turnirlar hali davom etayotgani O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokchilar sonini oshirib olish imkoniyatiga ega ekanligini anglatadi.
Ma’lumot uchun, Yodgoroy Mirzayeva 51 kilogram vazn toifasida ringga ko‘tariladi, 60 hamda 75 kilogramgacha bo‘lgan ayol sportchilar musobaqasida o‘zbekistonlik sportchi hozircha yo‘q.
Izoh (0)