Mashhur me’mor Zaxa Hadid Mayamidagi gospitalda yurak xuruji tufayli 65 yoshida vafot etdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.

Foto: AP

Foto: AP

Hadid 1950-yili Bag‘dodda tug‘ilgan, biroq asosan Buyuk Britaniyada yashagan. 1977- yili London me’morlar assotsiatsiyasida tahsilni tamomlagan, oradan ikki yil o‘tib Zaha Hadid Architect kompaniyasiga asos solgan.

Uning ishlari orasida Rimdagi XXI san’ati milliy muzeyi, Londondagi suv sporti turlari markazi, Bokudagi Haydar Aliyev markazi, Sinsinatidagi (AQSh) zamonaviy san’at markazi va Guanchjoudagi (Xitoy) opera teatrini eslab o‘tish mumkin. U, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi Qirol Abdulla neftni o‘rganish va tadqiq qilish markazi (KARSARC), Tokiodagi 2020-yilgi Olimpiada o‘yinlarining bosh stadioni va futbol bo‘yicha Qatarda o‘tkaziladigan JCh—2022 ning Al Wakrah stadionining loyihalarini yaratgan.

Hadidga 2004-yili me’morchilik sohasida Nobel mukofotiga tenglashtiriladigan Pritsker mukofoti taqdim etilgan, 2016-yili esa Britaniya me’morlari qirollik instituti (RIBA) oltin medalini olgan birinchi ayol bo‘lgandi.