Rasmiy Kreml bir qancha taniqli ayolga kvartiralar sovg‘a qilgan biznesmen Bayevskiyni bilmaydi, uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlar esa haqiqatga muvofiq kelmaydi. Bu haqda, Kremlning rasmiy vakili Dmitriy Peskovning bayonotiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
31-mart, payshanba kuni Reuters agentligi e’lon qilgan materialda rossiyalik biznesmen Grigoriy Bayevskiy bilan bog‘liq korrupsion holatlar batafsil yoritib berildi. Ta’kidlanishicha, Bayevskiy Arkadiy Rotenbergning sherigi bo‘lib, Putinga aloqador ayollarga ko‘chmas mulk — kvartira va uylar sovg‘a qilgan.
“Tanishib chiqdik. Aftidan, bu axboriy xuruj”, — dedi Peskov.
Bir necha kun oldin Peskov jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida davlat rahbari va uning yaqinlari haqida G‘arb matbuotida buyurtma materiallar tayyorlanayotganidan ogohlantirgan edi. Navbatdagi anjumanda u Bayevskiy bilan bog‘liq xabarlar mana shu kampaniyaning bir qismi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“Ishonchimiz komilki, bunday chiqishlarning davomi bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qildi Kreml vakili.
Izoh (0)