O‘zbekistonlik tennischi Sabina Sharipova Yaponiyaning Kofu shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollarga teng ITF turkumidagi tennis turnirining yakkalik bahslarini tark etdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, yakkalik bahslari birinchi davrasida o‘zbekistonlik 21 yoshli tennischi Yaponiya vakili Xiroko Kuvataga qarshi kortga chiqdi.
Birinchi setni yaponiyalik tennischi 6:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Ikkinchi setda 0:2 hisobida ortda borayotgan Sharipova uchrashuvni davom ettira olmasligi ma’lum bo‘ldi u yakkalik bahslaridagi ishtirokini yakunladi.
Sabina Sharipova musobaqaning juftliklar bahsida ham ishtirok etmoqda. “Sports.uz” xabariga ko‘ra, Xitoy Taypeyi vakili Pey-Chi Li bilan tandem hosil qilgan Sabina Sharipova dastlabki davrada yaponiyalik juftlik Yukiko Midorikava va Karin Teramiga qarshi bahs olib bordi va 6:4, 6:3 hisobida zafar quchdi.
Juftliklar bahsi chorak finalida Sharipova/Li juftligi mezbon tennischilar Shuko Aoyama va Erina Xayashi duetiga qarshi kortga chiqadi.
Izoh (0)