Amerikalik serjant Omar Veles panamalik Vanesa Rodrigesni o‘ldirganligi uchun 30 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Panama TIV ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar beradi.
Ushbu qaror AQShdagi Fort Bregg (Shimoliy Karolina) bazasida bo‘lib o‘tgan sud jarayoni yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan. Harbiy tribunal, shuningdek, uni AQSh harbiy xizmatchisi sifatidagi barcha imtiyozlaridan mahrum qildi va askarni armiya safidan sharmandalik bilan bo‘shatish haqida qaror qabul qildi.
25 yoshli qiz 2014-yilning 22-iyun kuni Los-Santos provinsiyasi hududida Veles tomonidan avtomobil bilan urib ketilgandan keyin halok bo‘lgan edi. Serjant sodir etilgan jinoyat haqida politsiyaga xabar qilmagan va Rodrigesning jasadini voqea joyidan olib ketgan. Bir kundan so‘ng, Veles qizning jasadini yashirin tarzda Guarare daryosi sohiliga ko‘mishga uringanda politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Tribunal a’zolari bu oddiy YTH bo‘lganligi haqidagi taxminni rad etdi. Chunki Veles Panamada instruktor sifatida xizmat qilgan va ma’lum muddat davomida Rodriges bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgan.
Izoh (0)